Garchi bugun do‘stlarim jam bo‘lgani bilan,
Baxtim butun yo omadim kulgani bilan,
Goh shodlikdan yarim ko‘nglim to‘lgani bilan,
Ruhi madadkor topmadim otamdan boshqa,
Kasbi duokor topmadim onamdan boshqa.
Umr o‘tmas g‘alvalarsiz bir tekislikda,
Kim istamas yashamoqni to‘q to‘kislikda,
Do‘st tutinsam, g‘am yutinsam goh ming hadikda,
Bir mehri oshkor yo‘q ekan otamdan boshqa,
Menga intizor yo‘q ekan onamdan boshqa.
Ba’zan deyman nahot shuncha chigaldirhayot,
Faqat armonlar dastida tugaldir hayot,
Bolalik chog‘larim qo‘msab, eslasam bot-bot,
SHo‘xligimni ko‘targan kim otamdan boshqa,
Dardim dildan o‘tkargan kim onamdanboshqa.
Vafoda ne sir-sinoat goho tushundim,
Bir jafokor yor hajrida yomon o‘kindim,
CHorasiz nolonu hayron kimga yukundim,
Bu holimni kim anglardi otamdan boshqa,
Xasratlarim kim tinglardi onamdan boshqa.
Parvoziga qanot bo‘ldim bir bor do‘stimni,
U-chi, elga doston qildi kamu ko‘stimni,
Somon tiqib to‘ldiribdi tinmay po‘stimni,
Gar yiqilsam tirgak bormi otamdan boshqa,
Achinguchi yurak bormi onamdan boshqa.
Ustozim deb mahkam tutdim bir zot etagin,
U menga uqtirmoq bo‘ldi yolg‘on ertagin,
SHunda dedim bu sinovdir, Ahad, chidagin,
Senga ota bo‘lolmaydi otangdan boshqa,
Senga ona bo‘lolmaydi onangdan boshqa.
Do‘stlar, har kimga pok niyat yo‘ldoshi bo‘lsin,
Bunda o‘tgan har bir damning rivoji bo‘lsin,
Insoniylik tarafdorin iqboli kulsin,
SHunda yo‘ling ko‘mib ketmas birorta odam,
Nogoh ko‘zing yumib o‘tmas yoningdan hech ham.
05.11.2007