Bu telbalik haqda o‘ylab ko‘ring, yolg‘izlikda she’r yozib o‘tirgan insonning o‘ta muqarrar, o‘ta beozor telbaligi haqida o‘ylang. O‘ylangiz, u o‘zin qay holga soldi! U bu onda qarta o‘ynab turishi, yoki bo‘kib ichishi, yo raqs tushishi yoxud kinoga jo‘nashi mumkin edi… Ammo u qandaydir tirishqoqlik bilan o‘zini unutib she’r qoralamoqda. Bechoraning uzluksiz sabri haqida o‘ylang, u iste’dodini zamondoshlari qachon, qanchalar erta-kech tan olishlarini ham bilmaydi, ammo, shunga qaramasdan, she’r yozmoqda. Zamondoshlari tugul, hatto xotini ham tushunmaydigan, xotini nogoh tushunib qolsa, quvonchdan o‘takasi yoriladigan odamning o‘ta oshkora, juda beozor ulug‘lik vasvasasi, kibri haqida o‘ylang. Bunaqa she’r yozadigan, she’riyatga ishonadigan, so‘zlar bilan do‘st tutingan savdoyi odamning, ehtimol, ishxonasida kutib turgan tinkaquritar mash-mashalar, noqulayliklar haqda ham o‘ylang. O‘ylanglar bu azobga botgan, azoblari o‘ziga yoqadigan, azoblarga qaramasdan (yana bizning shu zamonda-ya!) she’r yozayotgan odam haqida.
|