Muhabbat, ey go‘zal iztirob, Ey ko‘hna dard, ey ko‘hna tuyg‘u. Ko‘kragimga qo‘lingni tirab, Yuragimni to‘kib qo‘yding-ku.
Qancha ko‘zlar menga zor edi, Na g‘am, na anduhim bor edi. Qushday yengil ruhim bor edi, Chok-chokidan so‘kib qo‘yding-ku.
Ne qilarding menga tegib sen, Yengilmagan edim — yengib sen, Boshlarimni yerga egib sen, Qomatimni bukib qo‘yding-ku.
Sen men uchun bir xayol eding, Yaxshi bor yo yaxshi qol eding. Jon kerakmi — mana ol endi, Qiynar bo‘lsang qiynab to‘yding-ku.
Bilmam, nima edi maqsading: Menga bir juft guling asrading, Birin otin Kumush atading, Birin ismin Zaynab qo‘yding-ku.
Muhabbat, ey go‘zal iztirob, Ko‘chang kezdim sarson, dovdirab, Yuzlarimga yuzlaring tirab, Ko‘zlarimni boylab qo‘yding-ku!..
|