Kelib ketdi necha dunyolar, Kuldi hayot, yig‘ladi o‘lim. Sen deb qurbon bo‘ldi bobolar, Ular ketdi, sen qolding, tilim. Belanchaging uzra Koshg‘ariy, Kuylab o‘tdi qadim navoni. Va navqiron yaproqlaringga, Dil qonini berdi Navoiy. Samarqanddan Bobur ketarkan, Dilda bo‘g‘ib hasrat sasini, Olib ketdi ona yurtidan, Turkiy tilim, birgina seni. Mashrabmas, sen osilding dorga, Nodiramas, sensan so‘yilgan, Hoziqningmas, sening, ey tilim, Boshing ayru, ko‘zing o‘yilgan. Ammo dushman o‘ldirgan botir, Tirilgandek yana qasosga, Mangu borsan va mangu qodir, To‘ldirmoqqa yerni ovozga. Vatan uchun baxsh etib jonni, Kechib olov, kirib daryoga, Farzandlaring to‘kkan har qonni, Shimirding sen o‘xshab giyohga. Ona tilim, omon bo‘l mangu, Sen borsan-ki men ham o‘lmayman, Tildan qolsam, seni Oybekday, Men ko‘zlarim bilan so‘ylayman.
|