Qizlar, sizga arzim bor, Toliqib qolmang turib. Boshlayman bir chekkadan, Eshiting jim o’tirib.
Mayli, bugun maydagap Bo’laqolay, jon qizlar. So’zla, deydi tillarim, Yurak bo’ldi qon, qizlar.
Tan bermadim unchalik Poshnangizning uchiga. Qocholmaysiz, quvlasa Teshavoyning kuchugi.
Momom aytgan: "Sochlarim Tizzagacha o’sardi”. Sizda ham o’ssin, hech yo’q Belingizni to’sardi.
Yelka ochiq, bel-ku.., eh, Qani nomus, or, qizlar? Kammidi-ya shunchasi, Shimga nima bor qizlar?
Shim kiyib o’tsa, (qarang!) Mullaxonning xotini, Hurkitarmish har safar Elomonning otini.
Nigohingiz yovqarash, Erkakchadir qadamlar. (Mehr to’la ko’zlarga Nima bo’ldi odamlar ?!)
Eh qizlarjon, qalam, men – Kim edikki o’zimiz, Sizdek bag’ritoshlarga O’tar bo’lsa so’zimiz.
Yuravering chopqilab, Zamonaga tenglashib. Soxta kiprik, kalta soch, Yana kalta yenglashib.
Xafa bo’lmang, singlimdek G’amingizni yeyman-da. Shu ketishda kuyovsiz Qolib ketmang, deyman-da.
|