Mana, yana senga keldim yuzma-yuz,
Munis ko'zlaringda hamon o'sha zeb.
Ko'zlarimga boqib so'rading beso'z,
-Mensiz qanday qilib yashayapsiz deb.
Baxtliman, ko'ksimda havas bir talay,
Ba'zan yozishimni aytmaganda she'r.
Nega o'ksinayin, qara, harqalay,
Boshida ko'tarib turibdi-ku yer.
Bejizmas hilolning yuzdagi dog'i,
Tunlar u dardlarim yelkalayapti.
Kunduzlar ko'zlaring sog'ingan chog'im,
Ko'kda quyosh meni erkalayapti.
O'zlaysan, hayotdan bo'lganman judo,
O'ylaysan, dunyoning kuyukligiman.
Axir sevganiga dard berar Xudo,
Sensiz ham Xudoning suyukligiman.
Ketaver, sensiz ham yashayveraman,
Sensiz ham kun botar, yorishar nahor.
Oltin kuz xazonin yoqar sensiz ham,
Sensiz ham gul ochib keladi bahor.
Ket endi, etmagin qonimga tashna,
Alvido yo'limga tutashmagan yo'l.
Yashasang mendan-da baxtliroq yasha,
Agar o'lar bo'lsang mendan keyin o'l.