Ustoz — otangday ulug‘, ustoz qadami qutlug‘, Ustozning har kalomi ilmu hikmatga to‘lug‘, Ustozning dili ravshan, ustoz makoni yorug‘, Unib chiqar, albatta, ustoz tashlagan urug‘, Ustoz qadami qutlug‘, ustoz — otangday ulug‘.
Temur bosh qo‘ydi mangu ustozining poyiga, Ustoz o‘xshar olamning Quyoshiga, Oyiga, Bilim nuri yog‘ilar qadam qo‘ygan joyiga, Yo‘llar adolat, vafo, muhabbat saroyiga, Ustoz qadami qutlug‘, ustoz — otangday ulug‘.
Ota-ona farzandni keltiradi dunyoga, Ustoz esa cho‘mdirar ilmu hikmat, ziyoga, Yerdagi bolalarni ko‘taradi samoga, Ota-ona fanosin aylantirar baqoga, Ustoz qadami qutlug‘, ustoz — otangday ulug‘.
Deydilar, ustoz jabri — ota mehridan afzal, Shogirdlarning iqboli — ustoz jabriga badal, Navoiy demish, kasbni egallagil mukammal, Saodatning kaliti, bilgilki, ilmu amal, Ustoz qadami qutlug‘, ustoz — otangday ulug‘.
Ustoz ko‘rmaganlarning yo‘rg‘alashdir odati, Ezgu bo‘lsin har kimning so‘zi, sa’yi, niyati, Kam ye, kam de, kam uxla — ustozlar nasihati, Nechog‘ buyukdur ustoz kalomining qudrati. Ustoz qadami qutlug‘, ustoz — otangday ulug‘.
Najot gulin o‘stirar Avloniy gulbog‘ida, Haq olinur, berilmas — Behbudiy sabog‘ida, Oqilxonning siymosi «Alifbo» varog‘ida, Ustozlar iydin yozay qasidam adog‘ida, Ustoz qadami qutlug‘, ustoz — otangday ulug‘. |