O`zbekiston tashqi siyosatining zamonaviy bosqichi va uning dolzarb masalalari mavzusida 14 aprel, juma kuni Xalqaro press-klubning ilk yig`ilishi o`tkazildi. Tadbirda Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Oliy Majlis Senati raisining birinchi o`rinbosari Sodiq Safoev ishtirok etdi, deb xabar beradi "Daryo”.
Klubning jamoatchilik kengashi, mahalliy va xorijiy jurnalistlar hamda mas`ul tashkilotlar vakillari ishtirokidagi uchrashuv ochiq muloqot shaklida tashkil etildi. Shu tufayli ishtirokchilar mamlakat tashqi siyosatiga doir savollar bilan spikerlarga murojaat qilish imkoniyatiga ega bo`ldi.
Jumladan, jurnalistlar, O`zbekistonning chet davlatlardagi konsullik va elchixonalari, tegishli tashkilotlari faoliyatidagi kamchiliklar, mamlakat tashqi imijini yaratishdagi asosiy omillar, AQShning Suriya bazasiga uyushtirgan zarbalariga nisbatan O`zbekiston pozisiyasi bilan qiziqdi. Shuningdek, zamonaviy bosqichdagi tashqi siyosatdan kutilayotgan yangiliklar qatorida 7 aprel kuni Stokgolmda sodir etilgan teraktda gumonlanib, qo`lga olingan O`zbekiston fuqarosi Rahmat Oqilov bo`yicha rasmiy ma`lumot so`raldi.
Berilgan savollarga javob berar ekan, Abdulaziz Komilov birinchi galda O`zbekiston tarafi AQShning Suriya bazasiga bergan zarbalari xususidagi savollarga hech bir izoh bermasligi, chunki O`zbekiston bu jarayonning ishtirokchisi sanalmasligi, tinchlik tarafdori ekanini ta`kidladi.
Shuningdek, Stokgolm shahridagi terakt bo`yicha berilgan savolga javob berar ekan, Abdulaziz Komilov Samarqand huquq-tartibot organlari tomonidan jinoyatchi Oqilovga nisbatan Jinoyat kodeksining qator moddalari bo`yicha jinoyat ishi ochilgani va Evropadagi sherik davlatlardan birining maxsus xizmatiga Shvesiyani xabardor qilish uchun axborot yuborilgani haqidagi rasmiy ma`lumotni qo`shimcha qildi.
Ta`kidlash kerakki, OAVlar tomonidan ko`p bora tilga olingan masala, ya`ni chet ellik jurnalistlarning yurtimizda akkreditasiyadan o`tkazilishi bo`yicha hozirda Tashqi ishlar vazirligida kerakli ishlar olib borilayotgani, tez orada bu bo`yicha qo`shimcha yangiliklar kiritilishi ma`lum qilindi.