U Duty Free asoschisi. U 81 yoshda, 7,5 milliard dollar boylik to‘plagan. Shaxsiy mashinasi yo‘q, samolyotlarda ekonom-klassda uchadi, ijaraga olingan uyda istiqomat qiladi, deb yozadi "Interesno”.
Chak Fini atigi 15 dollar turadigan elektron qo‘l soati taqadi, g‘ijim ko‘ylak kiyadi. Tarixiy vatani Irlandiyada uni haqiqiy amerikalik sayyoh, deb qabul qilishadi. Restoranlardan ko‘ra kichik yemakxonalarni, tikuvchidan ko‘ra arzon va ommabop liboslar sotiladigan do‘konlarni ma’qul ko‘radi, metro yo taksi xizmatidan foydalanadi.
Uni g‘irt qurumsoq, har bir tiyin ustida o‘lib qoladigan xasis deb atash ham mumkin edi, biroq so‘nggi 30 yil davomida 6 milliard dollardan ortiq mablag‘ni xayriyaga sarflagan Finini ziqna deyishga til bormaydi.
Bu pullar AQSh, Vetnam, Avstraliya, Janubiy Afrika, Irlandiya, Bermud orollarida ta’lim, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, qariyalar uylarini ta’minlash uchun sarflangan. U shu bilan cheklanmoqchi emas — 2016-yili qolgan barcha pullarini ham xayrli ishlar uchun sarflab yuborish niyatida.
E’tiborli tomoni, bu g‘alati milliarder nafaqat pulga qiziqmaydi, balki shuhratga ham intilmaydi: o‘z milliardlarini ehson sifatida tarqatar ekan, u har doim "yaxshilik qil — suvga tashla” aqidasiga amal qilgan va xayriya faoliyatining dastlabki 15 yili davomida buni muvaffaqiyatli uddalagan ham, chunki u milliardlab pullarni xayriya qilayotganini hech kim sezmagan.
Keyinroq uni "fosh etishdi”, biroq Fini shunday keyin ham o‘zini ancha kamtar tutdi. Masalan, u 2012-yilga qadar beshtadan ortiq intervyu bermagan.
Chak Fini — g‘aroyib inson. O‘z biznesini eng quyidan boshlab, bir necha yil ichida 200 nafar xodimi bor, 27 mamlakatda faoliyat olib borayotgan kompaniyani yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Pullarining aksariyat qismi shu zahoti uning The Atlantic Philanthropies xayriya jamg‘armasiga yo‘naltirilsa-da, daromadlari katta tezlikda oshib bordi.
"Inson pulni berib, u sabab nimadir yangi narsa, masalan, shifoxona paydo bo‘lishini ko‘rishidan ko‘proq qoniqish hosil qilishiga ishonch hosil qildim. Bu mantiqan ham to‘g‘ri — pulni bankka berib, yana va yana ko‘payib yotishga qo‘ymasdan, xayrli ishlar uchun sarflash kerak”, — deydi Fini.
Jahonning eng badavlat odamlaridan biri, Microsoft kompaniyasi asoschisi Bill Geytsning so‘zlariga ko‘ra, xayrli ishlarni amalga oshirishda Chak eng yaxshi namunadir.