12-noyabr, chorshanba kuni Olmaliq shahridagi OTMK stadionida 2014-yilgi O‘zbekiston Kubogi final uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Unda "Bunyodkor” va "Lokomotiv” jamoalari o‘zaro bahs olib boradi. Final arafasida tashkil etilgan matbuot anjumanida "Lokomotiv” bosh murabbiyi Vadim Abramov O‘zbekiston Kubogiga ikkinchi darajali musobaqa deb qaramasligini aytib, jamoasining vazifasini ma’lum qildi. Bu haqda Uff xabar bermoqda. "O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritish murabbiy sifatida nafaqat men uchun, balki boshqa istalgan murabbiy uchun ham muhim bo‘lib, aslida biz ana shunday yuksak sovrinlarni qo‘lga kiritish uchun ishlaymiz. Bizning aybimiz — mavsum davomida oldimizga qo‘yilgan vazifalarni bajara olmadik, lekin O‘zbekiston Kubogi finalida g‘alaba qozonib, muxlislarimizni, jamoamiz ortida mehnat qilgan temiryo‘lchilarning katta guruhini xursand qilishni istaymiz”, — dedi Abramov.
Eslatib o‘tamiz, "Lokomotiv” va "Bunyodkor” jamoalari 2014-yilgi mavsum davomida uch bora to‘qnash kelgan bo‘lsa, ularning birortasida ham "Lokomotiv” g‘alaba qozona olmadi. O‘zbekiston Superkubogi uchun bahsda "Bunyodkor” 2:1 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa, Oliy Ligadagi ikki uchrashuvning birida "Lokomotiv” mag‘lub bo‘lgan va durang o‘ynagandi.
"Har bir jamoada bo‘lganidek, bizda ham muammolar bor. Lekin final o‘yinida ishtirok etishi mumkin bo‘lgan 18 kishilik tarkibni aniqlab bo‘lganmiz. Finalda qaysi darvozabon yaxshiroq tayyorgarlikka ega bo‘lsa, o‘sha darvozabon jamoa darvozasini qo‘riqlaydi. Hujumchi Ivan Nagayev masalasiga kelsak, uning final o‘yinida ishtirok etishi ehtimoli past. Umid qilamanki, final o‘yinida Olmaliqdagi stadion muxlislarga to‘la bo‘ladi”, — deya qo‘shimcha qildi "Lokomotiv” bosh murabbiyi Vadim Abramov.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Kuboklari tarixida ilk bora Olmaliq shahrida bo‘lib o‘tadigan final uchrashuvida "Bunyodkor” nominal mezbon sifatida to‘p suradi. O‘yinda "Lokomotiv” futbolchilari qizil rangli, "Bunyodkor” esa oq rangli libosda to‘p suradi.
Manba: Zamonaviy.CoM -Saytdan olindi.
Ushbu ma'lumot dan olindi! < ! > DO'STLARINGIZGA YUBORING:
Quyidagi yangiliklarni o'qing dod devorasiz:
|