Tanam azobdaman, ming afsusdaman, Qabrim tor, na bo`y bor, na bordir eni. Yagona o`tinchim – so`rayman sendan, Alloh, bir lahzaga tiriltir mani. Umrimni sovurdim yel-shamollarga, Berildim besamar xom xayollarga, Bugun javobim yo`q ko`p savollarga, Robbim, bir lahzaga tiriltir mani. Ko`zimni yaratding, lekin ko`rmadim, Haq yo`lin eshitdim, biroq yurmadim, Umrim bo`yi uxlab, nahor turmadim, Alloh, bir lahzaga tiriltir mani. Bugun hayotimning chirog`i so`nmish, Qop-qora qarg`alar qabrimga qo`nmish, Tanamni ming turfa ilonlar tilmish, Robbim, bir lahzaga tiriltir mani. Oh, nega qilmadim bir bor ibodat?! Nahotki, shunchalar bosibman g`aflat?! Tanam qiynalmoqda, azobda faqat, Alloh, bir lahzaga tiriltir mani. Taqvoni egnimga qilayin libos, Barcha gunohlardan bo`layin xalos, Yolvoraman, Olloh, sendan iltimos, Robbim, bir lahzaga tiriltir mani. Tanamni ko`ryapman – qop-qora ko`mir, Badanim nimtalar qizigan temir, Oh afsus, qaytsaydim, ber fursat umr, Alloh, bir lahzaga tiriltir mani. Allohim, izn ber, qabrimni bo`yay, Iymon lazzatini qalbimda tuyay, Hech yo`q, bir bor boshim sajdaga qo`yay, Robbim, bir lahzaga tiriltir mani. O`lmaydiganlardek yurardim bardam, Do`stlarim ko`p edi, suyanchim har dam, Yordamim olganlar, beringlar yordam, Alloh, bir lahzaga tiriltir mani. O`zimniki gapga kirmas qo`llarim, Nahot, sarob bosib o`tgan yo`llarim, Yordam bermayapti topgan pullarim, Robbim, bir lahzaga tiriltir mani. Men yurgan yo`ldan siz qaytmagansizlar, Ibodat qil, deb siz aytmagansizlar, Yo siz buni atayin qilgansizlar?! Alloh, bir lahzaga tiriltir mani. Cho`kib borayapman qo`rquvdan terdan, Ilon, chayon poylar qabrim har yerdan, Boshim ko`tarmasdim bir lahza yerdan, Alloh, bir lahzaga tiriltir mani.
|